“SPLASH URGANCH” mas’uliyati cheklangan jamiyatining asosiy faoliyati kunjutni qayta ishlashdan iboratdir. Bundan tashqari bu yerda tahin – kunjut pastasi, va kunjut holvasi ham ishlab chiqariladi. Muqaddam ilk faoliyatini bundan uch yil oldin atigi 5 ishchi bilan boshlagan dargohda ayni paytda 40 nafar ishchi – xizmatchi mehnat qilishayapti.
Kattagina sexda guvillab ishlayotgan uskunalarning shovqini, kattagina “qozon”larda qovurilayotgan mahsulot, ishchilarning katta qoplarni balandda joylashgan uskunalar ichiga ag‘darayotganligi bu yerda fidoyilik bilan qilinayotgan mehnatni namoyon etadi. Turkiya davlatidan keltirilgan eng zamonaviy uskunalar orqali kunjut saralab olinar ekan....
Syexning bir burchagidagi qoplarda daladan terib keltirilgan kunjut egallagan. Kattagina hududga po‘sti olingan kunjut yoyib qo‘yilgan. Oppoq bo‘lib tovlanib turgan bu kunjutlarni konditer mahsulotida ishlatiladigan eng xushta’m mahsulot deya ta’riflashdi.
Xo‘sh, kunjut qanday yetishtiriladi? Uning inson organizmi uchun qanday ijobiy xususiyati bor?
- Ota – bobolarimiz qadim- qadimda kunjut mahsulotini sevib iste’mol qilishgan,-deydi biz bilan suhbatda ,- korxona rahbari Ruslan Qalandarov,- ushbu mahsulot tarkibida inson organizmi uchun juda foydali moddalar bor.
“KIVA” brendi ostida chiqarilayotgan mahsulotning qimmati benihoya katta.
“Qirol nonushtasi” deya e’zozlanadigan Tahin –kunjut pastasi tarkibida inson organizmi uchun zarur bo‘lgan vitaminlar juda ko‘p. Tahin tanadagi zaharlarni yo‘qotadigan yagona ozuqadir. Tahin tomirlarning qotishi va tiqilishining oldini olishi bilan birga uning peshob haydovchi xususiyati bor. inson terisini go‘zallashtiradi va tanani yoshartiradi. Immunitetni kuchaytiradi. Ko‘z sog‘ligi uchun hayotiy ahamiyatiga ega. Tahin suyak rivojlanishi va to‘g‘ri shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari tahinning safro toshlarini tushirish, nafas torligini va bronxit kasalliklarini bartaraf etishda foydasi bisyor.
Tahin bolalarning miya va aqliy rivojlanishida benihoya ahamiyatli. Keksa yoshdagi insonlarning xotira yo‘qotishlarining oldini olishda ham ijobiy samarasi tasdiqlangan. Tahinda mavjud bo‘lgan Ye vitamini kuchli antioksidant bo‘lishi bilan birgalikda odam vujudini katta miqdorda energiya bilan ta’minlaydi. Yaralarning tez bitishini ta’minlaydi. Jigarni tozalash bilan birga rak kasaliga qarshi tabiiy himoya vazifasini bajaradi.
Xo‘sh, ushbu “Qirol nonushtasi”ning ahamiyati shunchalik katta ekanki, ushbu mahsulot tayyorlanadigan kunjutni yetishtirishda muammolar bormi?
- Mahsulotlarimiz o‘zining brendi va xalqaro sertifikatiga ega. Qadoqlarda oziq – ovqat xavfsizligi haqida berilgan sertifikat ham yoziladi. Kunjut yetishtirish unchalik qiyin emas,- suhbatdoshimiz fikrlarini bayon etadi. U paxtadek ko‘p suvni talab etmaydi. Eng ahamiyatlisi boniteti past bo‘lgan maydonlarda ham o‘sib, meva tugib ketaveradi...
Kunjut ayni paytda Turkiya davlatiga eksport qilinmoqda. Daladan keltirilgan kunjut yaxshilab tozalanadi va po‘stidan ajratiladi. Chet davlatlardan keltirilgan zamonaviy uskunalarda kunjutga “qayta hayot bag‘ishlanadi”. Po‘sti olingan kunjutlar kumushdek tovlanadi...
Kunjutdan tayyorlangan mahsulotlar – butun dunyo ahli sevib iste’mol qiladigan ne’mat sanaladi.
Mamlakatimizda kunjutning 1700 ta sorti bor. Kelgusida Yevropa va MDH davlatlariga ham mahsulotlarni sotish maqsadimiz bor,-deydi R.Qalandarov. Yevropada kunjut holvaning bir kilogrammi 12 Yevrodan sotilmoqda. Biz esa bir kilogramm holva uchun 12 so‘mdan tannarx belgilab qo‘ydik. Mana qarang, kunjutning foydali xususiyatini bilgan odamlar mahsulotlarimizning asosiy xaridori bo‘lib olishdi. Kunjutdan oziq – ovqat mahsulotlarini hamda konditer mahsulotlarini tayyorlashda foydalaniladi.
O‘tgan yili korxona jamoasi 250 nafar fermer xo‘jaligi bilan shartnoma tuzilgan va har bir fermer xo‘jaligining dalasida 1 – 2 gektarga kunjut urug‘i ekilgan. Ammo, bu borada mahorat va tajriba yetishmasligi tufayli joriy yilda kunjutdan ko‘ngildagidek hosil olinmagan. Bu yil 1000 nafar fermer xo‘jaligi bilan shartnoma tuzilganligi sohada rivojlanish boshlanganligini namoyon etadi.