Sayohat 2020-12-01 241
Sayohatni o‘zlikni tanish ziyoratidan boshlaymiz!

Sohibqiron Amir Temur “Kimki bizning qudratimizga shubha qilsa, biz qurgan imoratlarga boqsin”, deganida nafaqat bu yurtda tiklangan imoratlar haybatiga, balki yuksak aql-zakovat, ilmu ma’rifat nurlarida chulg‘angan ko‘hna elning moziyga tutash sirli sarhadlariga ishorat qilgan edi. Afsuski, ayni qutlug‘ zaminda turib, Ona yurtimiz tarixidan, uning tengsiz allomalari merosidan to‘la boxabar emasmiz. “Ming eshitgandan bir ko‘rgan yaxshi”, deydilar, keling, azizlar, sayohatni qutlug‘ ziyoratdan, o‘zlikni tanish sinoatidan boshlaylik! Shundagina dunyo xalqlari o‘zbek xalqining shu muqaddas tuprog‘i qanchalar aziz ekanligini yanada chuqurroq his qiladi, ana shu muhabbati ulug‘ xalqni o‘ziga yaqinroq tutadi.

Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlariga ko‘ra, endi bu sharafli vazifani ado etishga imkonimiz bor.

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abdulhakimov mazkur Farmon va qarorni sharhlab, jurnalistlarning savollariga javob berdi.

7 davlatga vizasiz rejim o‘rnatildi
1 fevraldan boshlab 30 kunga 7 davlatga vizasiz rejim o‘rnatildi, 39 tasiga esa soddalashtirilgan viza rejimi joriy qilindi. Bundan tashqari, 1 iyuldan elektron viza tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonga sayohat qilish istagida bo‘lgan chet el fuqarosi kompyuter yoki smartfon orqali zarur hujjatlarni suratga olib, bemalol tizimga o‘zi haqidagi ma’lumotlarni kiritishi mumkin bo‘ladi.

Ichki turizm rivoji har birimizga bog‘liq!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori ham imzolandi.

2018 yil 10 fevraldan 3 yil muddatga shunday tartib joriy etiladiki, unga ko‘ra:

*ish beruvchining sayyohlik turlarini xodimlar va ularning oila a’zolari uchun litsenziyalangan turistik faoliyat sub’ektlaridan respublika hududida sotib olishi ishchining daromadi hisoblanmaydi va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini hisoblashda chiqarib tashlanadi;

*jismoniy shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadlari O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab turistik turlarni turistik faoliyati litsenziyalangan sub’ektlardan sotib olishga yo‘naltirilgan xarajatlar summasi bilan kamaytiriladi. Bunda tasdiqlovchi hujjatlar turistik yo‘llanma, avia va temir yo‘l chiptalari, avtotransport tashkilotlarining hisob-fakturalari (chiptalari) va joylashtirish vositalari cheklari;

*turistik faoliyat sub’ektlarining soliq solinadigan bazasi O‘zbekiston turistik brendi va «Uzbekistan.travel» sayti reklamasi joylashtirilgan bosma mahsulotlar (kartalar, broshyuralar, pamfletlar, flayerlar va boshqalar), suvenir va qadoqlash mahsulotlari (sumkalar, paketlar, maktab daftarlari, yopishtirgichlar, qoplamalar, futbolkalar va kiyim-kechaklar, idishlarga yozilgan yozuvlar)ni tayyorlash hamda tarqatilishi uchun sarflangan xarajatlar miqdoriga kamaytiriladi.

*Tijorat banklariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab litsenziyalangan turistik faoliyat sub’ektlaridan turistik turlarni xarid qilishga 10 million so‘mga bo‘lgan hajmda, ish haqi hisobidan qoplash imkoniyati bilan iste’mol kreditlari ajratish tavsiya etildi.

Gidlar va audiogidlarga talab kuchli
“Tarixiy obidalarga gid bilan tashrif buyurgan boshqa, o‘zi sayohat qilgan boshqa. Biz gidlarni tayyorlash bo‘yicha kollejlarimizga yangi tizimlarni o‘rnatmoqchimiz. Singapur instituti, boshqa OTMlarda gidlarni tayyorlash kvotasi ko‘paytirilmoqda”, — deydi rais.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gidlar, albatta, 2-3 ta xorijiy tillarni bilishi kerak, zero bizda ichki sayyohlardan tashqari, tashqi sayyohlar ham bor. Shu o‘rinda turizm sohasida ishlash istagida bo‘lgan yoshlarga murojaat qilindi. “Yaxshi ish topmoqchi bo‘lsangiz, chet tili va tarixni o‘rganishingiz kerak”. Yurt tarixini boshqa tillarda ham qiziqarli qilib yetkaza oladigan va barchani birdek jalb qila oladigan gidlarga hamisha talab kuchli. Shuningdek, tadbirda audiogidlar haqida so‘z yuritildi. “Biz smart-turizmga katta e’tibor qaratyapmiz. Bu ishlarni davlat va xususiy sektor hamkorligida amalga oshirish mumkin. Audiogidlar bo‘yicha bir kompaniya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Ularga barcha tarixiy obidalarimiz haqida matnlar berdik. Joriy turistik mavsumda audiogidlar xizmatidan foydalanish mumkin bo‘ladi”, — dedi A.Abduhakimov.

Xodimlarga oilaviy dam olish imkoni beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga:

  • Kollektiv shartnomalarga xodimlarning jamoaviy va oilaviy hordiq chiqarishini tashkil etish bo‘yicha har yili davlat organlari va boshqa tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan o‘z xodimlarining kamida 10 foizini oila a’zolari bilan dam olishga (ichki turizm) yuborishni nazarda tutuvchi normani rag‘batlantirish chorasi sifatida kiritish;
  • Xodimlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq mehnat ta’tilining ishlatilmagan qismi hisobidan ularga qulay bo‘lgan vaqtda sayohat va dam olish uchun ortiqcha ishlangan kunga dam olish muddatini faol ravishda taqdim etish;
  • Dastur chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida har yili 30 dekabrga qadar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari uchun turistik-ekskursion turlar tashkil etish jadvalini tasdiqlash tavsiya etildi.


Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasiga davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarga mahalliy turoperatorlar bilan hamkorlikda guruh sayohatlari tashkil etishga ko‘mak ko‘rsatish, shuningdek, mehmonxona va transport tashkilotlariga uyushgan turlarga, yashash va safar (parvoz)ni e’tiborga olgan holda, imtiyozlar taqdim etish bo‘yicha takliflar yuborish vazifasi yuklandi.

Fuqarolarning turistik turlari qanday qoplanadi?
Qarorda belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining dasturi doirasidagi turistik-ekskursion turlarining to‘lovi bilan bog‘liq xarajatlar teng barobar asosda quyidagilar hisobidan qoplanadi:

  • O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqining o‘z mablag‘laridan — ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun;
  • O‘z mablag‘lari, Ish beruvchilarning o‘z mablag‘lari (byudjet tashkilotlari qismida — tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari) va kollektiv shartnomalar bo‘yicha boshqa mablag‘larga muvofiq —tashkilotlar xodimlari uchun;
  • Xayriya mablag‘lari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining har yillik parametrlarida ko‘zda tutilgan mablag‘lar — yetim bolalar, kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ularning umumiy sonidan kamida 20 foizlik qamrab olish bilan;
  • O‘z mablag‘lari, “Nuroniy” O‘zbekiston faxriylarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamg‘armasining o‘z mablag‘lari va xayriya mablag‘laridan — pensionerlar, urush va mehnat faxriylari uchun;
  • O‘z mablag‘lari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va xayriya mablag‘laridan — faol ayollar uchun;
  • O‘z mablag‘lari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘laridan — mahalla faollari va yosh oilalar uchun.


Belgilanishicha, Dasturda qatnashish ixtiyoriy ravishda.

Korxonalarni sertifikatlash ixtiyoriy bo‘ladi
Prezidentning 3.02.2018 yildagi PF-5326-son Farmoni bilan turistlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan umumiy ovqatlanish korxonalari va avtotransport korxonalarini sertifikatlash joriy etiladigan shartlar qayta ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2.12.2017 yildagi PF-4861-son Farmoni 2018 yil 1 yanvardan boshlab xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan umumiy ovqatlanish korxonalari va avtotransport korxonalarini majburiy sertifikatlash joriy etilishini nazarda tutgandi. Birinchidan, bu korxonalarni sertifikatlash joriy etiladigan sana 2018 yil 1 aprelga ko‘chirildi. Xususan, bunday xizmatlarni sertifikatlash qoidalari hali tasdiqlanmagan. Tegishli hujjat loyihasi tayyorlanib, umumiy muhokama uchun joylashtirilgandi.

Ikkinchidan, joriy etilayotgan sertifikatlash tizimi ixtiyoriy bo‘ladi. Binobarin, turistlarga xizmat ko‘rsatadigan umumiy ovqatlanish va transport korxonalarida muvofiqlik sertifikati mavjud emasligi uchun javobgarlikka tortishmaydi.

Metroda suratga olishga ruxsat beriladi
Endilikda Toshkent metropolitenida fotosurat va videolavhaga olishga ruxsat beriladi. “ Bizda dunyodagi eng chiroyli metro bor, uni reklama qilishimiz kerak. Hozirgacha mumkin emasdi, ammo Prezidentimiz bularning barchasini tasvirga olish mumkinligini aytdi”, — deydi Aziz Abduhakimov.

U suratga olishni taqiqlovchi belgi bo‘lmagan joylarda foto va videos’yomka qilish mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, uning aytishicha, Toshkent metropolitenida Wi-Fi o‘rnatish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Manba: tasvir.uz

Biz bilan reklama qiling

Batafsil