Bugun taklif etilayotgan yangi turdagi elektron xizmatlar, qo‘llanilayotgan atamalarni «hazm qilish»ga biroz qiynalayotganimiz bor gap. Lekin bu kichik dovondan o‘tib olsak, sizu biz uchun qulay imkoniyatlar, keng sharoitlar, eng muhimi, rivojlanish eshiklari ochiladi.
Bugungi suhbatdoshimiz O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi «Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi» davlat muassasasining Hududlarda raqamli texnologiyalarni joriy qilishni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Farrux Xolyigitov bo‘ldi.
– Agar qarshi bo‘lmasangiz, avvalo bugun siz ishlayotgan bo‘lim faoliyati bilan tanishmoqchimiz...
– Xabaringiz bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va 12ta viloyatda hududiy boshqarmalari bor. Ular o‘z hududlarida bajarilishi belgilangan loyihalarni yuritishadi. Masalan, Qashqadaryo viloyatining sog‘liqni saqlash yoki ta’lim yo‘nalishini olsak, mazkur sohalar viloyatdagi hududiy boshqarmasi bilan birga o‘z loyihalarini olib borishi ko‘zda tutilgan. O‘zaro muvofiqligiga esa vazirlikdagi hududiy bo‘lim javobgar.
Xuddi shunga o‘xshab «Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi»da ham hududlarda joriy etilayotgan loyihalarda qatnashish, o‘rganish va takliflar kiritish maqsadida bizning bo‘lim ta’sis etilgan.
Asosiy vazifalarimizdan biri – vazirlikning hududiy boshqarmalari va tegishli vazirlik, davlat idoralari, xo‘jalik organlari, viloyat, tuman hokimliklari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining farmon va qarorlarida belgilangan chora-tadbirlar, loyihalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar, muddatlari kechikkan yoki o‘rnatilgan muddatda bajarilgan loyihalarni o‘rganib, tegishli axborotni vazirlikka taqdim etish hamda belgilangan chora-tadbir, loyihalarning hozirdagi ijro holati to‘g‘risida xabardor qilishdir. Bunda har bir loyiha to‘g‘ri bajarilishi, qanday natija yoki samara berishi kabi mezonlar muhim o‘rinda turadi.
– Hududlar bilan ishlaganda muammolar uchrab turadimi? Ular ham axborotlashuv, raqamlashuv tizimiga to‘liq o‘tganmi?
– Albatta! Bugungi kunda axborotlashuv va raqamlashuvga respublikamizning barcha sohalarida katta ahamiyat berilyapti. Imkon qadar «qog‘ozbozlikdan» kechish, ma’lumotlarni elektron shaklda yuritishga qaratilgan islohotlar olib borilmoqda. Mazkur ishlarni bajarishda maxsus ma’lumot almashinuv axborot tizimlari joriy etilmoqda. Bu kabi axborot tizimlarida kunlik va muddatli topshiriqlarning idoralar faoliyatida elektron ko‘rinishda yuritilishi, vazifalar mas’ul ijrochiga biriktirilishi ta’minlanadi.
Xabaringiz bor, Prezident farmonlari chiqqach, Vazirlar Mahkamasi tomonidan muvofiq ijro etish qarori qabul qilinadi va ular ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi. Ichki ma’lumot almashinuvi axborot tizimlarida esa qaror yoki farmoyishlarda ko‘rsatilgan chora-tadbirlar ijrosi, ijrochisi hamda muddati belgilab qo‘yilgan bo‘ladi.
Misol uchun, bizning zimmamizga yuklangan chora-tadbir markaz rahbari, ya’ni direktorimizga tushiriladi. Keyin bu vazifa ichki tarkibdan kelib chiqqan holda tegishli, aynan shu yo‘nalishga javobgar mas’ul ijrochiga biriktiriladi hamda muddat belgilanib, ijro nazorati o‘rnatiladi.
Aynan shu tamoyil hududlarga ham xos bo‘lib, masalan, hokimiyat yoki hududiy boshqarma boshlig‘iga yuborilgan topshiriq, pog‘ona bo‘yicha quyida turadigan mutaxassislarga biriktiriladi. Ular tegishli ishlarni bajarib, javoblarni rahbariga olib kirishadi. Tizimimizda bu borada muammo yo‘q. Lekin har qanday ishni boshlash va yo‘lga qo‘yish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Ya’ni, ikki tomondan mas’ul ijrochi tayinlab, o‘zaro ma’lumot almashish va jarayonni yo‘lga qo‘yishi uchun. Belgilangan topshiriqlar muddatiga salbiy ta’sirini inobatga olib, shunday noqulaylik uchrab turadi, deyish mumkin.
– Hozirgi kunda qanday yangi loyihalar bilan bandsizlar?
– Bizning bo‘lim bevosita ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanmaydi. Faoliyatimiz asosan amalga oshirilayotgan loyihalar holatini o‘rganish, baholash, ulardagi kechikishlarni aniqlash va mos ravishda takliflar kiritishga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, ayni kunlarda dolzarb loyihalarimizdan birini yakunlash arafasidamiz.
Bu Prezidentimizning joriy yil 5 oktabrida tasdiqlangan «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida belgilangan 1600 dan ortiq loyiha va chora-tadbirlar monitoringi, ularni hududlarda amalga oshirish bosqichlari to‘g‘risida ma’lumotlarni markazlashtirilgan holda olish imkoniyatini beruvchi maxsus monitoring axborot tizimi modulining yaratilishidir.
Loyihalarni xodimlararo taqsimlab, holatini o‘rganish, har birini hujjat ko‘rinishida rasmiylashtirish ko‘p vaqt va katta hajmdagi qo‘l mehnatini talab qilishi sabab maxsus axborot tizimini ishlab chiqib, tegishli ma’lumotlarni unga kiritish va ijrochilar tomonidan loyihalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuklab borish imkonini yaratishni yo‘lga qo‘yyapmiz.
– Sohada xalqaro tajriba qanchalik muhim?
– Albatta, sohamizda xalqaro tajribaning ham o‘rni muhim. Ko‘pchilikka tanish bir ibora bor: «velosiped o‘ylab topish…». Ya’ni, biz uchun yangi bo‘lgan biror faoliyat yoxud xizmatni yo‘lga qo‘yishdan oldin rivojlangan davlatlar yoki MDH mamlakatlari tajribalari o‘rganiladi hamda qanchalik mos tushishi ko‘rib chiqilib, zarurat tug‘ilsa, o‘zgartirishlar kiritiladi va amaliyotga joriy qilinadi.
Agar mavjud loyihani noldan ishlab chiqib, yaratadigan bo‘lsak, birinchidan, ko‘p vaqt ketib, katta mablag‘ sarflashimiz mumkin. Ikkinchidan, natijasi tekshirilgan, tajribadan o‘tgan va ishlab turgan texnologiya yoki texnika berib turgan samaradan past bo‘lishi mumkin. Masalan, ta’lim yo‘nalishida joriy etilgan «Elektron kundalik» axborot tizimini olaylik. Nega birdan qog‘ozli ko‘rinishdagi hujjatlardan, o‘qituvchilar yuritadigan – jurnal, hisobot, kundaliklardan astalik bilan voz kechyapmiz? Chunki biz raqamlashtirish yo‘lidan ketyapmiz.
Dastlab Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqilgan va bir necha yil davomida foydalanib kelinayotgan «Dnevnik.ru» tizimi o‘zini oqlagan loyiha bo‘lgani sabab yurtimizda ham joriy etilishi qarori qabul qilingan. Hozirda O‘zbekiston ta’lim tizimi standartlariga muvofiqlashtirish yo‘li bilan ushbu tizim bizda ham ancha ommalashdi. Bugungi kunga kelib unga 900 dan ortiq umumta’lim maktablari ulanganligi haqida ma’lumotlar bor. Boshqalarida ham bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan.
– Hozirda «Elektron hukumat» va «Raqamli iqtisodiyot» loyihalari doirasida yakuniga yetkazilganlari bormi? Agar bo‘lsa, ular qanday samara berdi?
– «Elektron hukumat» va «Raqamli iqtisodiyot» doirasida bajarilishi rejalashtirilgan ustuvor loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 apreldagi qarori bilan belgilangan. Unga ko‘ra, 42 ta vazirlik va idora tomonidan 104 ta, iqtisodiyotning real sektorida 35 ta, xo‘jalik boshqaruvi organlarida 87 ta loyihalarni amalga oshirish belgilangan. Joriy yilda 74 ta loyihaning to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, undan 36 tasi elektron hukumat yo‘nalishida, 38 tasi iqtisodiyotning real sektori va banklar tomonidan bajarilishi ko‘rsatilgan. Hozirda 18 ta loyiha yakuniga yetkazilgan va ularni joriy etish orqali iqtisodiy va ijtimoiy samaralarga erishildi.
– Bizni kutilgan samaradorlikni bergan loyihalar bilan tanishtirsangiz...
– Bunday loyihalarimiz ko‘p aslida. Sizga eng ommalashganlarini aytaman. Masalan, sog‘liqni saqlash bo‘yicha – «ASKDOCTOR» bemorlarga onlayn maslahat berish portali tizimida 20 000 dan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularga 700 ga yaqin malakali shifokorlar tomonidan 12 mingdan ortiq konsultatsiyalar berildi. Hozirda tizimga 265 ta klinika haqida ma’lumotlar kiritilgan.
Shuningdek, bugungi global muammo – pandemiya davrida «Karantininfo.uz» tizimi joriy etilib, u orqali koronavirus bilan zararlangan bemorlarni va ular bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni onlayn qayd etish, vaqtinchalik karantin markazidagilarni elektron ro‘yxatga olish imkoniyati yaratildi.
Qurilish vazirligi tomonidan esa Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimi (dshk.uz) joriy qilinib, bunda respublika hududida yuritilayotgan davlat shaharsozlik kadastri to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni onlayn shaklda olish mumkin.
Davlat soliq qo‘mitasi onlayn kassa mashinalari avtomatlashtirilgan nazorat tizimini takomillashtirishi natijasida O‘zbekiston hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining tegishli shoxobchalariga onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarni bosqichma-bosqich o‘rnatish kunlik nazoratga olindi. O‘rnatilgan nazorat-kassa mashinalari soni esa 36 mingdan ortiqni tashkil etdi.
«O‘zsanoatqurilishbank» ATB tomonidan «Yangi mobil banking ilovasini joriy qilish» doirasida ishlab chiqilgan mobil ilova orqali bank mijozlariga qo‘shimcha qulayiklar yaratish, bank plastik kartalari orqali naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirish, omonat, kredit, kartadan kartaga pul o‘tkazmalari, «Zolotaya korona» xalqaro pul o‘tkazmalari kabi bank xizmatlaridan foydalanish hamda marketpleys xizmatlarini taqdim etish imkoniyati yaratildi.