Pulni tejash va ekologiyani saqlashga hissa qo‘shishni kichik buyumlarni xarid qilish va ishlatishdan boshlash kerak. Siz xayolingizga ham keltirmagan buyumlarni qayta-qayta xarid qilish orqali mablag‘ingiz havoga uchishi bundan esa atrof-muhitga faqat va faqat zarar yetishi mumkin.
Paxta disklari
Makiyaj o‘chirish uchun kuniga nechta paxtali disk ishlatasiz? Bu haqida hatto o‘zingiz ham o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsangiz kerak. Ammo pul tejash va atrof-muhitga zarar yetkazmaslik nuqtai nazaridan ham ko‘p marta ishlatiladigan vositalardan foydalanganingiz yaxshi. Ularni yuvish va qayta ishlatish mumkin. Qolaversa, ular yumshoq va teri uchun yoqimli hamda sovg‘a sifatida foydalanish mumkin.
«Aqlli» bloknot
Agar sizga hamisha yon daftar kerak bo‘ladigan va usiz yura olmaydigan bo‘lsangiz, unda «aqlli» bloknotlar siz uchun. Bunday bloknot hech ham tamom bo‘lmaydi va maxsus mato yordamida artilsa, sahifalari hamisha yangidek bo‘ladi. Sizga bloknotdagi qaydlar kelajakda kerak bo‘ladigan bo‘lsa, o‘chirib yuborishdan avval smartfonga saqlab qo‘yish mumkin.
Oziq-ovqat plyonkasi
Buterbrod yoki qolgan ovqat ustini yopib qo‘yish uchun oziq-ovqat plyonkasi hamisha qo‘l keladi. Lekin ko‘p marta ishlatishga mo‘ljallangan bunday plyonka ham ishlab chiqarila boshlagani haqida bilarmidingiz? Yo‘q bo‘lsa, bilib qo‘ying. U asal mumi hamda boshqa tabiiy komponentlardan tayyorlanadi. U qo‘lning issiq harorati hisobiga yumshaydi va istalgan mahsulotni saqlash imkoniyatini beradi. Ishlatgandan keyin uni suvda sovunlab yuvib tashlash, keyin esa qayta ishlatish mumkin.
To‘r xalta
Plastik paketlar ekologiya uchun ham, salomatlik uchun ham foyda bermaydi. Qayerga bormang plastik paketlarga duch kelasiz. Shu sababdan uni ishlatishni maksimal darajada kamaytirgan yaxshi. Nimadan boshlash kerak? Tabiiyki, klassik paketlardan. Plastiklarni osongina to‘r paket yoki matodan tikilgan sumkalarga alishtirish mumkin. Birinchidan bu qulay, ekologiyaga foyda, qolaversa, noodatiy ko‘rinadi.
Bolalar tagligi
Bolalar tagligi uchun qancha ko‘p mablag‘ sarflanishi ota va onalarga yaxshi ma’lum. Olimlarning aniqlashicha, bola tuvakdan foydalanishga o‘rgangunicha 4 ming dona taglik ishlatiladi. Unday bo‘ladigan bo‘lsa, ko‘p marta foydalansa bo‘ladiganini ishlating. Avvaliga bu qanchalik g‘alati tuyulmasin keyinchalik foydasini sezasiz. Yumshoq va ekologik, tozalash mumkin bo‘ladigan vosita bola terisiga zarar yetkazmaydi. Ular xuddi bir martalik taglik singari namlikni o‘ziga oladi, ammo atrofga zarar yetkazmaydi, mablag‘ingizni esa tejaydi.
Oshxona sochiqlari
Qog‘oz sochiqlar foydalanish uchun juda qulay bo‘lishi mumkin, ammo tez tugab qoladi. Tugaganidan keyin esa qayta-qayta xarid qilishga to‘g‘ri keladi. Ekologik tabiiy alternativdan esa ko‘p marta foydalanish mumkin. Ular bambuk tolasidan tayyorlangan bo‘ladi va 80 martadan 100 martagacha yuvish mumkin.
Suv uchun idish
Har gal yangi suv sotib olib yurishni bas qiling va o‘zingiz bilan suv solish uchun maxsus idish olib yuring. Chiroyli va qulay bo‘lgan bunday butilkalarning chiroyli printlilari va ichimlikni isitsa bo‘ladiganidan xarid qiling. Idish turli materiallardan: plastik, aluminiy, silikondan tayyorlangan variantlari ham bor.
Qandolat qog‘ozi
Pechda taom pishirish uchun ko‘pincha yonmaydigan qog‘ozlardan foydalaniladi. Uni esa har gal yangisini ishlatishga to‘g‘ri keladi. Tejamkorlikka rioya qilish uchun esa ko‘p marta ishlatsa, yuvsa bo‘ladigan qog‘ozdan foydalaning. U oddiy qog‘ozdan hech ham farq qilmaydi, ammo uni yuvish va qayta-qayta ishlatish mumkin.
Ichimlik ichish uchun naycha
Agar ichimlikni naychada ichishga o‘rgangan bo‘lsangiz, ekologik va ko‘p marta ishlatsa bo‘ladigan bambuk yoki po‘latdan tayyorlanganidan foydalaning. Ularda hech qanday rang beruvchi va toksik moddalar bo‘lmaydi.